Shu yozda uch ajoyib haftani AQSh Davlat departamenti tomonidan tashkil etilgan IVLP (International Visitors Leadership Program) dasturining jurnalistlar uchun tashkil etilgan uchrashuv, trening va boshqa ko‘plab tadbirlarida o‘tkazdim.
14 davlatdan tashrif buyurgan 15 ta men kabi yoshlar bilan AQShning 7 ta shtatini guruhlarga bo‘linib kezib chiqdik. Biz 40 dan ortiq uchrashuvlarda bo‘lib, o‘nlab yangi tanishlar orttirdik va mamlakatning ko‘plab diqqatga sazovor joylariga tashrif buyurdik: Washingotn DC., New York, Oregon, Nebraska, Missouri, Oklahoma, Florida.
IVLP (Xalqaro mehmon yetakchilar dasturi) shunday dasturki, unda ishtirok etish uchun arizalar tanlov asosida qabul qilinmaydi. Davlat Departamenti Ta'lim va Madaniyat Ishlari Byurosi bilan birgalikda muayyan dastur uchun ishtirokchilarni mustaqil ravishda tanlab oladi. Har yili dunyoning turli mamlakatlaridan mutaxassislar o‘zlarining kasbdoshlari bilan uchrashuvlarda ishtirok etish, fikr almashish va mamlakat bilan shaxsan tanishish uchun taklif qilinadi.
Siyosat, ta'lim, tibbiyot va boshqa soha vakillari ushbu dastur ishtirokchilari bo‘lishi mumkin. Har yili AQShning turli mamlakatlardagi elchixonalari tomonidan 4500 dan ortiq kishi Amerika jamiyati va Amerika xalqi hayotining madaniy, siyosiy jihatlarini yaxshiroq tushunishi uchun ushbu mamlakatga sayohat qilishga tanlanadi. 3 haftalik dastur davomida ishtirokchilarining barcha harajatlari qoplab beriladi.
E'tiborlisi shundaki, bugungacha IVLP dasturida 320 dan ortiq amaldagi va sobiq davlat rahbarlari, 1500 ta vazirlar, bir qator Nobel mukofotlari sohiblari va boshqa xalqaro miqyosdagi hukumat idoralari va xususiy tashkilotlarning rahbarlari ishtirok etishgan.