Surat fonida urush va qurolli toʻqnashuv hududlarida halok boʻlgan hamda xizmatni suiisteʼmol qilish, korrupsiya bilan bogʻliq tergov ishlariga oid maqola va reportajlar tayyorlagani uchun qoni bilan javob bergan jurnalistlarni koʻrish mumkin.
2-noyabr – Jurnalistlarga qarshi jinoyatlar uchun jazosiz qolishga qarshi xalqaro kurash kuni. UNESKO ushbu kun munosabati bilan BMT tahlillariga koʻra jurnalistlar uchun eng xavfli mamlakatlar roʻyxatini eʼlon qildi.
Besh yil ichida (2014-2018) butun dunyo boʻylab 1109 nafar jurnalist oʻldirilgan. Bu avvalgi besh yilga nisbatan 18 foizga koʻp boʻlib, 90 foiz holatlarda aybdorlar jazolanmagan.
Hisobotga koʻra, jurnalistlar uchun eng xavfli mintaqa arab davlatlari: ushbu mamlakatlarda yuqoridagi qotilliklarning 30 foizi amalga oshirilgan.
Ikkinchi oʻrinda – Lotin Amerikasi mamlakatlari va Karib dengizi davlatlari – 26 foiz. Undan keyin Osiyo-Tinch okeani mintaqasi.
Avvallari jurnalistlarning koʻp qismi urush va qurolli toʻqnashuvlar hududlarida vafot etgan boʻlsa, endi ularning yarmidan koʻpi xizmatni suiisteʼmol qilish va korrupsiya bilan bogʻliq tergov ishlariga oid maqola va reportajlar tayyorlagani aytiladi. Halok boʻlganlarning 93 foizi mahalliy muxbirlardir.
UNESKO taʼkidlashicha, jurnalistlarning oʻldirilishi uchun javobgar boʻlganlarni jazolash kamdan-kam uchraydi.
“Tergovlar yuzaki oʻtadi va deyarli hech qachon natija bermaydi. Bu esa yangi jinoyatlarga olib keladi. Buni oʻzgartirish kerak”, deydi UNESKO bosh direktori Odri Azule.
“UNESKO jurnalistlarga xavf solayotganlarni, ularni oʻldirayotganlarni va ushbu qonunsizlikka chek qoʻyish uchun hech narsa qilmaydiganlarni javobgarlikka tortishga chaqiradi. Jurnalistning oʻlimi hech qachon haqiqatni izlash toʻxtatilishini anglatmasligi kerak”, deydi tashkilot rahbari soʻzini davom ettirib.
UNESKO maʼlumotlariga koʻra, 1996-yildan beri Rossiyada 34, 1995-yildan beri Ukrainada 16, Ozarbayjonda 3 nafar jurnalist oʻldirilgan.
https://news.un.org/ru/story/2019/11/1366231